
Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalarini (YHQ) birinchi marta sodir etilgan arzimagan buzilishlari uchun haydovchilarga maʼmuriy ogohlantirish berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bu yangilik mamlakatning maʼmuriy jazolar tizimiga kiritiladigan muhim oʻzgarishlardan biri boʻlib, fuqarolarga nisbatan yanada insonparvar yondashuvni taʼminlashga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoevning topshirigʻiga asosan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi haqida davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi. Loyihaga koʻra, endilikda YPX inspektorlari birinchi marta sodir etilgan baʼzi kichik YHQ buzilishlari uchun jarima yoki boshqa qatʼiy chora qoʻllash oʻrniga, ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Ushbu ogohlantirish tizimida muhim cheklov ham mavjud: maʼmuriy ogohlantirish bir yil davomida faqat bir marta qoʻllanilishiga ruxsat beriladi. Bu yangilik, birinchi navbatda, haydovchilarning kichik xatolari uchun darhol jazolanmasligini taʼminlab, ularga oʻz xatti-harakatlarini tuzatish uchun imkoniyat beradi. Shuningdek, tizimdagi yuklamaning kamayishiga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
