
2025 yil 2 iyun kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida fojiali yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. Poytaxt IIBB YHXB bergan xabarga koʻra, mazkur hodisa oqibatida inson umriga zomin boʻldi.
Taxminan soat 23:50 atrofida, Mirzo Tursunzoda va Mehrigiyo koʻchalari chorrahasida skuter va Damas rusumli avtomobil toʻqnashdi. Toʻqnashuv kuchidan Damas agʻdarilib ketdi. Afsuski, yoʻl-transport hodisasi natijasida skuter haydovchisi voqea joyining oʻzida vafot etdi.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam oʻlimiga sabab boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Mazkur modda aybdorga yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini, shuningdek, muayyan huquqlardan mahrum etishni ham nazarda tutadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
