Sirdaryoda “Damas”ga 28 nafar bolani tiqib olgan haydovchi jarimaga tortildi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida “Damas” avtomashinasida 28 nafar bolaning noqonuniy tashilishi holati qayd etildi, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.

Maʼlum boʻlishicha, Oqoltin tumanida “Damas” rusumli mikroavtobus haydovchisi bir yoʻla 28 nafar maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan boʻlgan.

Huquqbuzar haydovchi bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-8-moddasi (Yoʻlovchilar yoki boshqa shaxslarni tashish qoidalarini buzish) boʻyicha ikki bazaviy hisoblash miqdorida (700 ming soʻm) jarima qoʻllanildi.

Sirdaryo viloyati YHXBB barcha haydovchilarni yoʻlovchilarni tashish qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.

Keyingi kunlarda aynan “Damas” avtomashinalarida bolalarning xavfli tarzda tashilishi bilan bogʻliq holatlarning koʻpayishi, yetti oʻrinli ushbu transport vositasidan maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarini ommaviy ravishda tashish maqsadida foydalanilayotganini koʻrsatmoqda.