Qashqadaryoda xususiy bogʻchaning ikki yoshli tarbiyalanuvchisi vafot etdi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi bolalar bogʻchasining ikki yoshli tarbiyalanuvchisi vafot etishi fakti boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.

Voqea haqida avvalroq Kun.uz yozgan edi. Fojia 2025-yil 20-iyun kuni sodir boʻlgan. Xususiy bolalar bogʻchasi mudirasi ertalab bir necha bolani oʻz mashinasida uyidan olib ketgan. Koʻp oʻtmay, tarbiyalanuvchilardan birining qarindoshlariga qizning ahvoli yomonlashgani haqida xabar berilgan.

Vafot etgan qizning buvisi va onasi klinikaga borishgan. U yerda ularga bolaning hayot alomatlari yoʻqligini aytishgan, qizning jasadi esa ekspertizaga yuborilgan.

“Keyin, xabar kelgach, jasadni morgdan oldik. Bizga bola mashinada qolib ketganidan issiqlab oʻlganligi aytildi”, — dedi qizning buvisi nashr bilan suhbatda. Buvisining aytishicha, oʻsha kuni mashinada 7-8 nafar bola boʻlgan.

Mahalla raisi jurnalistga qiz vafot etganidan soʻng xususiy bolalar bogʻchasining faoliyati toʻxtatilganini maʼlum qildi.

Bolaning oʻlimining aniq sababi hozircha nomaʼlum, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov hodisa tafsilotlarini gapirib berdi — vafot etgan qiz bogʻcha mudirasining oʻz xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi va beparvoligi tufayli yopiq eshikli mashina ichida soat 12:00 ga qadar yolgʻiz qolib ketgan. Oʻlim aynan shu mashinada sodir boʻlgan.

“Tekshiruvlar xolis va toʻliq oʻtkaziladi, barcha tomonlar oʻrganiladi, natijalari boʻyicha huquqiy qaror qabul qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura vafot etgan qizning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.