Farg‘ona viloyatida «Volga» rusumli avtomobil urib yuborishi oqibatida bola vafot etdi

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 2025 yil 16 avgust kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi (YTH) olti yoshli bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, 6 yoshli bola velosipedda harakatlanib, qatnov qismiga chiqib ketgan va uni GAZ-3110 rusumli avtomobil urib yuborgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlardan ko‘rinishicha, haydovchi chapga burilib, to‘qnashuvdan qochishga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan. Avtomobil og‘irligi tufayli tormozlanish masofasi uzaygan, chunki u metall ortilgan tirkamani tortib kelayotgan edi. Mashina bolakayni bir necha o‘n metr masofaga sudrab ketgan.

Voqea joyidagi fuqarolar og‘ir jarohat olgan bolani darhol boshqa mashinaga solib, shifoxonaga yetkazishgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, bola vafot etdi.