Oʻzbekistonda haydovchilik guvohnomasini endi onlayn tarzda tiklash mumkin

Yoʻqolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ishga tushirildi. Endi buning uchun Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga tashrif buyurish talab etilmaydi. Bu haqda YaIDXP matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portalida “Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish”xizmatini tanlash, soʻngra “Haydovchilik guvohnomasini olish sababi” boʻlimida “Yoʻqolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash”ni koʻrsatish va ariza yuborish lozim.

Xizmat narxi bazaviy hisoblash miqdorining 0,9 barobari — 370,8 ming soʻmni tashkil etadi. Hujjatni shaxsan borib olish bepul yoki qoʻshimcha 25 ming soʻm evaziga pochta orqali yetkazib berish xizmatini tanlash mumkin. Rasmiylashtirish muddati — 1 ish kuni. Pochta orqali yetkazib berilganda hujjat fuqaroga 3 ish kuni davomida joʻnatiladi.

Agar foydalanuvchining tizimdagi maʼlumotlari tasdiqlanmagan boʻlsa, agarda u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan boʻlsa yoki unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 131-moddasi (transport vositalarini mast holda boshqarish) va 136-moddasi (transport vositalari haydovchilarining va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlash) boʻyicha maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, ariza rad etiladi.