Toshkentdagi qator ko‘chalarda tezlikni 80 km/soatgacha oshirish rejalashtirilmoqda

2025 yil 12 avgust kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov poytaxtning 5 ta ko‘chasida avtomobillar uchun tezlik rejimini o‘zgartirishni taklif qildi.

Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar:

  • BunyodkorSebzorAhmad Donish, shuningdek, Toshkent avtomobil halqa yo‘li va Yangi O‘zbekistonko‘chalarida maksimal ruxsat etilgan tezlikni 80 km/soatgacha oshirish. Hozirda shahar ichida tezlik chegarasi 60 km/soat etib belgilangan.
  • 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatni joriy etish (qaysi ko‘chalar ekanligi aniqlashtirilmagan).

Bu takliflar, Aliomovning so’zlariga ko’ra, tirbandliklarning oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ilgari surilgan.

Boshqa muammolar va yechimlar

YHXB vakili so’nggi paytlarda tez-tez uchrayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli svetoforlarning ishlamay qolishi muammosiga ham to’xtalib o’tdi. Bu holatlar 5-6 soatgacha davom etib, yo’llarda tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun poytaxt markazidagi 500 ta svetoforga uzluksiz quvvat manbalari (UPS) o’rnatish taklif qilindi. Bu qurilmalar elektr toki o’chganidan keyin ham svetoforlarning 5-6 soat davomida ishlashini ta’minlaydi.

Yangi tezlik rejimi qachon kuchga kirishi haqida aniq muddat aytilmadi, lekin bu takliflar hozirda tegishli idoralar tomonidan ko’rib chiqilmoqda.