
Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Farhod ko‘chasida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bozorida tovlamachilik va firibgarlik harakatlarida gumon qilingan 12 nafar shaxs huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hibsga olinganlarning aksariyati Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan bo‘lib, ularning yoshi 23 dan 37 yoshgacha ekanligi hamda ilgari sudlanganligi aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari avtomobillarga o‘zboshimchalik bilan turli jihozlar o‘rnatib, avtomobil egasidan bozor narxi 600 dollar bo‘lgan xizmat uchun 13,3 ming AQSH dollari talab qilishgan. Mashina egasi bu summani to‘lashdan bosh tortganida, unga tahdid qilingan.
Jabrlanganlardan yana biri 15 million so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan. Gumonlanuvchilar uning avtomobiliga ehtiyot qismlar o‘rnatib, kalitlarini olib qo‘yganlar va psixologik bosim o‘tkazganlar.
Boshqa ikki avtomobil egasi esa ko‘rsatilmagan xizmatlar – ya’ni qo‘shimcha ehtiyot qismlar o‘rnatish uchun 70 million so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan.
Qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ular hibsxonalarga joylashtirildi.
Tergov jarayonida ayblanuvchilarning boshqa jinoyatlarni sodir etishga aloqadorligi tekshirilmoqda, shuningdek, jabrlanganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
